Mamlakatimiz agrar sohasida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining alohida o‘rni bor. Boisi institut tashkil bo‘lgan 1913-yildan buyon ushbu ilmiy maussasada faoliyat ko‘rsatgan olimlar lalmikor yerlarda dehqonchilik madaniyatini rivojlantirish, serhosil ekin navlarini yaratish va yangi agrotexnologiyalar ustida tinimsiz ilmiy izlanish olib boradilar. Institutning 110-yildan ortiq faoliyati davomida 20 ga yaqin qishloq xo‘jalik ekinlarining 246 ta serhosil navlari yaratilgan.
Biroq so‘nggi yillarda ilmiy muassasada yuzaga kelgan nosog‘lom muhit institutning uzoq yillar davomida erishgan yutuqlariga soya soldi. O‘zibo‘larchilik kayfiyati bilan ishlash esa institutning moddiy -texnik bazasini obrazli qilib aytganda chiritdi, binolarni juldur ahvolga soldi.
Avval (https://t.me/AKIS_milliy_markaz/9226)xabar berganimizdek, (https://t.me/AKIS_milliy_markaz/9226) bugun ushbu ilmiy muassasada Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov raisligida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar e’tirof etilgan holda ilmiy muassasada yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf etish muhokama markazida bo‘ldi.
– Bir paytlar lalmikor dehqonchilik ilmining o‘zagi bo‘lgan, nafaqat O‘zbekiston balki, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tarmoq ilmining bazasi bo‘lgan tabarruk maskandan bugun oldingi fayzni topib bo‘lmaydi. Eshikdan kirib kelgan odam ilmning tilsimini kashf qilish o‘rniga noxush kayfiyatni his qiladi. Sababi aniq. Tarqoqlik yuzaga kelgan joyda boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Lekin sizlarning zimmangizda mamlakatimizdagi haydab dehqonchilik qilinadigan qariyb 800 ming gektar maydonda rizq undiruvchi dehqonlar uchun yangi serhosil ekin navlarini yaratishdek vazifa turibdi, – dedi Shuhrat Otajonov.
Shundan so‘ng tahliliy ma’lumotlarga e’tibor qaratildi. – Institutda 8 ta laboratoriya 19 nafar ilmiy darajali xodim faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsada, 2024-yilda Scopus va Web of Sciyence bazasiga kiruvchi xalqaro nashrlarda bor-yo‘g‘i 2 tagina maqola e’lon qilingan xolos. Taassuflisi shundaki, o‘tgan yilda birorta ham monografiya chop etilmagan. Bu tadqiqot deyarli yo‘qligini aks ettirmaydimi, – dedi Shuhrat Otajonov.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda o‘tgan yilda doktoranturani tugatgan 7 nafar doktorantning ilmiy ishining himoyasi hanuz o‘tkazilmay kelayotgani va institutning ishlab chiqarishdagi «0» ga teng natijasi keskin tanqid qilindi.
Muhokamalardan so‘ng Shuhrat Otajonov yig‘ilish ishtirokchilariga xushxabar sifatida institutni rivojlantirish, oldingi nufuzini tiklash maqsadida Jahon banki mablag‘lari hisobidan 1 million dollar va institutni muqobil energiya bilan ta’minlash maqsadida 2 millard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishini ma’lum qildi.
– Yo‘naltiriladigan mablag‘lar ilmni rivojlantirish, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan yosh haqiqiy olimlarni yetishtirishga xizmat qilishi zarur. Buning uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz, – dedi Milliy markaz rahbari Shuhrat Otajonov.
Shundan so‘ng tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Qishloq xo‘jaligi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, institut direktori Xaydarov Bekmurod Do‘siyarovich o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod qilinib, shu kungacha Milliy markaz tizimidagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Jurayev Diyor Turdiqulovich Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutiga direktor etib tayinlandi.
Yig‘ilish yakunida yangi rahbar bilan birgalikda ilmiy muassasani rivojlantirishning 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasini ishlab chiqish va boshqa yechimini kutib turgan masalalarni hal etish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Ilmiy jamoa a’zolarining fikr-mulohazalar tinglanib, amaliy taklif va tashabbuslar asosida yangi ilmiy loyihalarni ishlab chiqishga kelishib olindi.





